Ozodbek

Men haqimda

Software Engineer

Salom! Mening ismim Ozodbek. Men 2010-yil 30-aprelda tug‘ilganman va hozirda 16 yoshdaman. Andijonlikman va dasturlash hamda zamonaviy texnologiyalar bilan faol shug‘ullanaman.

Dasturlashni o‘rganish jarayonida avval Frontend yo‘nalishiga e’tibor qaratdim, keyinchalik esa Backend tomon ham chuqurroq kirib bordim. Men uchun dasturlash shunchaki kod yozish emas — bu g‘oyani haqiqiy mahsulotga aylantirish, muammoni yechish va odamlar foydalanishi mumkin bo‘lgan tizimlar yaratishdir.

Hozirgi kunda men OzodFlow loyihasining asoschisiman. ozodflow.uz — bizneslar uchun raqamli yechimlar yaratishga qaratilgan loyiham bo‘lib, unda restoranlar uchun elektron menyu, buyurtma va boshqaruv tizimlari kabi imkoniyatlar ustida ishlayapman.

Shu vaqtgacha 4–5 ta real loyiha ishlab chiqdim. Ular orasida Telegram botlar, web-saytlar, CRM va biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga qaratilgan loyihalar bor. Har bir loyiha menga nafaqat dasturlash, balki mahsulot yaratish, foydalanuvchini tushunish va muammoga amaliy yechim topishni ham o‘rgatdi.

Men hali yo‘lning boshidaman. Hozir o‘rganayotgan bilimlarim, qilayotgan loyihalarim, xatolarim va tajribalarimni shu blogda bo‘lishib boraman.

Ko‘pchilik bugungi kunda “AI sabab dasturchilarga ehtiyoj qolmaydi” deb o‘ylaydi. Men esa texnologiya rivojlanishi bilan dasturchining vazifasi ham o‘zgaradi, deb hisoblayman. AI — insonning o‘rnini to‘liq egallaydigan narsa emas, balki undan to‘g‘ri foydalana olgan inson uchun kuchli vosita.

Shu sababli bu blog faqat dasturlash haqida bo‘lmaydi.

Blogimning asosiy g‘oyasi:

“Raqamli dunyoda raqamsiz narsalar haqida gaplashamiz.”

Bu yerda dasturlash va texnologiya bilan birga fikrlash, odatlar, tajriba, insoniylik, hayotiy qarashlar va o‘sish haqida ham yozaman.

Men bu blogni mukammal inson sifatida emas, o‘rganayotgan, xato qilayotgan va rivojlanayotgan inson sifatida yuritaman.

Agar mening yo‘lim, tajribalarim yoki fikrlarim kimlargadir foydali bo‘lsa — demak, bu blog o‘z maqsadiga erishgan.

Ijtimoiy tarmoqlar

Yangi maqolalardan xabardor bo'ling

Email qoldiring yoki Telegram kanalga obuna bo'ling.

yoki Telegram kanalga o'tish →

Menga xabar yozing